O‘zan tozalash istagini bildirgan tadbirkorlarning muammolari o‘z yechimini topmoqda.

26/12/2023

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi R.Kusherbayev ishtirokida o‘zan tozalash ishlariga jalb qilingan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar o‘rganib kelinmoqda.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani “Qo‘shyog‘och” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi o‘zanini tozalash ishlari loyihasini amalga oshirish huquqiga shartnoma imzolagan “Shoxjaxon Qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan o‘zan tozalash ishlarini boshlash jarayonida o‘ziga biriktirilgan uchastkada avval ham noqonuniy qazish ishlari betartib bajarilganligi natijasida daryo o‘zani qoniqarsiz holatga kelib qolganligi bayon qilingan.

Mazkur muammo joriy yilning 25-dekbar kuni vazir maslahatchisi R.Kusherbayev, boshqarma boshlig‘i J.Abdullayev va jamiyat rahbari F.Normuxamedov bilan birgalikda muhokama qilindi.

Kelgusida yuqoridagi kabi salbiy holatlarni oldini olish va noqonuniy qum-shag‘al materiallarini qazib olishga chek qo‘yish maqsadida Chirchiq, Ohangaron, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolarida onlayn kuzatish imkonini beruvchi video kuzatuv kameralarini o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi.

O‘rganish davomida vazirlik binosida tashkil etilgan onlayn kuzatuv markazi faoliyati bilan tanishilib, bugungi kunda markazni faoliyatini tashkil qilish uchun sotib olinayotgan video kameralar va boshqa anjomlar ko‘zdan kechirildi.