Surxondaryoda Prezident Farmoni mazmun-mohiyati tushuntirilmoqda
07/06/2026
Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26- maydagi “Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–99-son Farmoni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish hamda uning ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Tadbirda suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari rahbar va mutaxassislari, suv iste’molchilari uyushmalari va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida Farmon bilan belgilangan ustuvor vazifalar, jumladan, suv fondi yerlaridan samarali foydalanish, sohada iqtisodiy mexanizmlarni keng joriy etish, suv yetkazib berish xizmatlari samaradorligini oshirish, suv hisobini yuritish tizimlarini takomillashtirish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish masalalari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga Farmon ijrosini joylarda samarali tashkil etish, suv resurslarini tejash, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Bunday seminarlar suv xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholi va mutaxassislarga yetkazish, shuningdek, sohada bozor tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.