Mutaxassislar tomonidan murojaatlar o‘rganildi

29/11/2025

Navoiy viloyati Xatirchi tumani "Qo‘shchinor" MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolar viloyat hokimiga yozma ravishda murojaat yo‘llangan.

Murojaatda fuqarolar tomonidan "Qo‘shchinor" mahallasining "Yoshlik" va "Nafosat" ko‘chalarini mahalla faollarining tashabbusi bilan hashar yo‘li orqali shag‘allashtirish uchun talab etiladigan qum-shag‘al materiallarni mahalla hududidan oqib o‘tuvchi Uchqorasoy soyining o‘zanidan qazib olishga tegishli idora va vazirliklarning ruxsatnomasini olishda amaliy yordam so‘ralgan.

 Ushbu murojaat, Navoiy viloyati Xatirchi tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Xatirchi tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi hamda "Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish" davlat muassasasi Navoiy viloyati bo‘linmasi bosh mutaxassisi R.Yaxshilikovlar tomonidan murojaat mualliflari ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

O‘rganish davomida, mutaxassislar tomonidan ushbu soy o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqi mavjud emasligi tushuntirildi.

Shuningdek, murojaat mualliflariga maxsus ruxsatnoma yoki daryo (soy) o‘zanini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish huquqi mavjud bo‘lmasa, fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan daryo (soy)lar o‘zanidan qum-shag‘al materiallarini qazib olinishi noqonuniy hisoblanishi va tabiatga yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda qonuniy chora ko‘rilishi mumkinligi to‘g‘risida tushuntirish berildi va ogohlantirildi.