Samarqand viloyatida tadbirkorlik subyektlari tomonidan olib borilayotgan faoliyatlar o‘rganilmoqda

21/11/2025

 Joriy yilning 21-noyabr sanasidan boshlab "Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish" davlat muassasasi boshlig‘i R.Sharopov boshchiligida, Samarqand viloyati bo‘linmasi xodimlari bilan birgalikda Samarqand viloyati hududidan oqib o‘tuvchi daryolar va soylar o‘zanlarini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatlarini o‘rganish ishlari boshlandi.

  Xususan o‘rganish davomida, oktyabr oyida "E-Auksion" savdo platformasi orqali tadbirkorlik subyektlariga realizatsiya qilingan Pastdarg‘om tumani "Shoshbuloq" MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosi o‘zanidagi "Yakdona", "Fulinone", "Beton Klass Savdo" MChJlarga biriktirilgan  1- va 5-sonli  uchastkalarida tadbirkorlik subyektlari tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar  hamda uchastkalarda faoliyat olib borish jarayonida loyiha hujjatlariga, davlat ekologik ekspertiza xulosasi talablariga va shartnomada ko‘rsatilgan me’yorlarga amal qilinayotganligi nazorat qilindi.

Monitoring jarayonida muassasa boshlig‘i tomonidan, tadbirkorlik subyektlarining qum-shag‘al materiallarini qazib olish bo‘yicha bajarayotgan ishlarining belgilangan tartib-qoidalarga muvofiqligi baholanib, ularga tegishli tushuntirishlar berildi. 

 O‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlari bilan o‘tkazilgan muloqot davomida ularning faoliyatini amalga oshirish jarayonida duch kelayotgan muammolari, ehtiyojlari, talab va takliflari tinglandi. Tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi hamda ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish belgilab olindi.

 Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga daryo o‘zanini tozalash jarayonida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga qat’iy rioya etish, ekologik me’yorlarga amal qilish, daryo va soy o‘zanlarida tozalash ishlarini belgilangan koordinata nuqtalaridan chetga chiqmagan holda va ruxsat etilgan  hajmlarda olib borish zarurligi yana bir bor eslatib o‘tildi.