Norin va Qoradaryo daryolari mutaxassislar tomonidan o‘rganildi
12/11/2025
Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, "Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish" davlat muassasasi Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Uchqo‘rg‘on, Norin, Uychi va Namangan tumanlari hududlaridan oqib o‘tuvchi Norin va Qoradaryo daryolarida qum-shag‘al materiallarini qazib olish holatlarini oldini olishga qaratilgan nazorat reyd tadbirlari hamda shikastlangan qirg‘oq dambalarini o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari natijasida, ishchi guruh tomonidan Norin daryosining Uychi, Namangan va Norin tumanlari hududlaridan oqib o‘tuvchi qismida jami 7 ta xavfli nuqtalar aniqlandi.
Xususan, reyd tadbirlari davomida, Norin tumani "Pastki Cho‘ja" MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosi o‘zanida 2 ta, Namangan tumani "Sho‘rqo‘rg‘on" MFY hududidan oqib o‘tuvchi Norin daryosi o‘zanida 1 ta hamda Uychi tumani "Guliston" MFY hududidan oqib o‘tuvchi Norin daryosi qirg‘oq mintaqa hududida 1 ta noqonuniy holat aniqlandi.
Aniqlangan holat bo‘yicha qonuniy ravishda jazo ta’sir chorasini qo‘llash maqsadida, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga xabar berilib, mas’ul mutaxassislar tomonidan marksheyderlik o‘lchov o‘tkazilib, yetkazilgan zararni hisoblash ishlari olib borildi.