Hududlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish tadbirlari davom etmoqda
12/11/2025
“Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida atrof-muhitni obodonlashtirish, ekologik muvozanatni ta’minlash va yashil hududlar maydonini kengaytirish maqsadida keng ko‘lamli daraxt ekish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi Sirdaryo viloyati bo‘linmasi hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosi o‘zanidagi 1- va 2-sonli uchastkalarining muhofaza mintaqalarida daraxt ekish ishlari tashkil etildi.
Tadbir davomida uchastkalarning qirg‘oqbo‘yi hududlarida yashil belbog‘lar barpo etish maqsadida 30 tup archa va 100 tup terak ko‘chatlari o‘tkazildi. Ekilgan daraxtlar suv resurslarini muhofaza qilish, hududning ekologik holatini yaxshilashga xizmat qiladi.