Xodimlar o‘rtasida halollik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tadbir o‘tkazildi

31/03/2026

Korrupsiyaga qarshi kurash – har birimizning fuqarolik burchimiz!

 2026-yil 31-mart kuni “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasida muassasa rahbari Ravshan Sharopov boshchiligida  xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsiyaga nisbatan  murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ushbu yo‘nalishda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini keng targ‘ib etishga qaratilgan ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish sho‘basi professori Niyozovna Salomat Saparovna hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy ta’lim markazi Virtual akademiya tyutori Rasulova Gulbahor Abidjanovnalar o‘zlarining mazmunli va dolzarb ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

 Ma’ruzalar davomida korrupsiyaning jamiyat va davlat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning kelib chiqish omillari, shuningdek, uni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar keng yoritib berildi. 

  Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi, ushbu sohada olib borilayotgan izchil islohotlar hamda normativ-huquqiy bazaning mustahkamlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

   Shuningdek, tadbir davomida hozirgi kunda Prezidentimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini institutsional jihatdan mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida xodimlarga  xizmat faoliyati davomida halollik  tamoyillariga qat’iy amal qilish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda har qanday korrupsion holatlarga nisbatan befarq bo‘lmaslik zarurligi tushuntirildi.

  Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilib, ulardan atroflicha va asosli javoblar oldilar. Bu esa uchrashuvning jonli muloqotlar asosida tashkil etilganini ko‘rsatadi.