Jizzaxda Jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
18/09/2024
2024-yilning 17-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga Jizzax viloyati Zomin tumani “Achchi” qo‘rg‘oni hududidagi “Achchisoy” soyini tozalash jarayonida qum-shag‘al materiallarini qazib olish ishlari loyihasini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritgan “G‘azg‘on maydalash- saralash majmuasi” MCHJ tomonidan “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan o‘zan tozalash ishlariga “Achchisoy” MFY fuqarolari tomonidan MCHJ ning faoliyat olib borishiga to‘sqinlik qilinayotganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushgan.
Murojaatda ko‘tarilgan masalani joyiga chiqib o‘rganish uchun jalb qilingan “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish”davlat muassasasi rahbaryati, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi hamda “Yuksalish” MFY hokim yordamchisi, viloyat Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarmasining mas’ul xodimlari tomonidan murojaatni o‘rganish jarayonida Jamoatchilik eshituvi tashkillashtirildi.
Jamoatchilik eshituviga jalb etilgan mutaxassislar tomonidan “Achchisoy” soyiga yaqin hududda istiqomat qiluvchi aholining taklif va e’tirozlari tinglandi va mahalliy aholiga kun tartibidagi masala yuzasidan tushintirishlar berildi.
Jamoatchilik eshituvi yakunida aholi bilan tadbirkorlik subyekti tomonidan o‘zan tozalash ishlarini boshlanishiga kelishib olindi.
O‘z navbatida, tadbirkorlik subyektiga shartnoma shartlari hamda davlat ekologik ekspertiza xulosasi talablari asosida o‘zan tozalash ishlarini olib borishi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.